• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi
30.08.2021
577
2021 yil 30 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.


Tadbirda Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhlarini tuzish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish, Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari ro‘yxatidan chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi.


Markaziy saylov komissiyasi a’zolari majlis kun tartibidagi birinchi masala – Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhlarini tuzish masalasini ko‘rib chiqdilar.


Ta’kidlash joiz, Saylov kodeksining 39-moddasiga binoan, siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida o‘n besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qo‘ygan saylovchilar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar tekshirilishi lozim.


Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar organlarining, adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.


Shuningdek, majlisda Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish masalasi ko‘rib chiqildi.


Qayd etilganidek, Saylov kodeksining 33-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, shuningdek boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar o‘z faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi. Manfaatdor tashkilotlar o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida saylov komissiyalariga saylovdan kamida o‘n kun oldin ariza bilan ma’lum qiladi.


Manfaatdor tashkilotdan ariza olinganidan keyin besh kun ichida saylov komissiyasi kuzatuvchi uchun mandat beradi. Boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish to‘g‘risidagi MSK qaroriga muvofiq DIIHB YXHTdan 3 nafar xalqaro kuzatuvchi  ro‘yxatdan o‘tkazildi.


Shuningdek, majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi MSK qaroriga muvofiq 36 nafar mahalliy OAV vakili ro‘yxatdan o‘tkazildi. Qayd etish joiz, shu kunga qadar akkreditasiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari soni 766 nafar, xorijiy OAV vakillari  soni 48 nafarni tashkil etmoqda.


Majlis davomida T.Xoldarovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror loyihasi ko‘rib chiqildi. MSK qaroriga binoan Topiboldi Xoldarov vafoti sababli Oliy Majlis Senati a’zolari ro‘yxatidan chiqarildi. 


Majlis so‘ngida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi 
Matbuot xizmati

Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме