• eye Maxsus imkoniyatlar
Ekspert guruhi imzo varaqalarini tekshirishga kirishdi
09.09.2021
319
Saylov kodeksining 39-moddasiga binoan, Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilgani Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 5 kunlik muddatda tekshiriladi. Bunda saylovchilar imzolari zarur sonining kamida 15 foizi va imzo varaqalariga imzolarini qo‘ygan saylovchilar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar tekshirilishi kerak bo‘ladi.

Shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiruvchi Ekspert guruhlari tuzildi.

Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar, adliya organlarining kriminalist, xatshunos ekspert-mutaxassislari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining raislari jalb etildi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etmoqda.

Qayd etish joiz, Ekspert guruhlari tomonidan tyekshirish uchun saylovchilarning har bir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng nisbatda tanlab olinadi.

Agar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan ko‘prog‘ini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa, mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi.

 Agar qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarning (saylovchilarning) imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz bo‘lib chiqsa, mazkur imzo varaqalari to‘lig‘icha haqiqiy emas deb topiladi. Mazkur holda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olishni rad etadi.

Agarda Siyosiy partiya taqdim etgan hujjatlar, shu jumladan saylovchilarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari Saylov kodeksi talablariga mos kelsa, Markaziy saylov komissiyasi navbatdagi yig‘ilishlaridan Siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olish masalasini ko‘rib chiqadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме