• eye Maxsus imkoniyatlar
Siyosiy partiyalar tomonidan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari taqdim etildi
09.09.2021
332
Joriy yilning 9 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Xalq demokratik partiyasi tegishli hujjatlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etdi.

Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganganligi haqidagi guvohnomalarni olganidan so‘ng, saylovchilarning imzosini to‘plashga kirishgan edilar.

Qayd etish joiz, siyosiy partiya O‘zbekiston Prezidentligiga ko‘rstilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlab, jami saylovchilarning umumiy sonidan kamida bir foizining imzosini (taxminan 212 ming imzo) to‘plashi kerak.

Saylov kodeksining 38-moddasiga muvofiq, saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga haqli.

Imzo varaqasi imzoni to‘plagan shaxs tomonidan o‘z familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilgan holda imzolanadi, shuningdek tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanadi.

Saylovchilarning imzosini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshiriladi. Imzo to‘playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va o‘ziga og‘dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Saylov kodeksining 39-moddasiga asosan, siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida o‘n besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qo‘ygan saylovchilar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar tekshirilishi lozim.

Tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan teng nisbatda tanlab olinadi.

 


Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме